KORRUPSIYA – TARAQQIYOT DUSHMANI
Korrupsiya ma’naviy nuqtai nazardan axloqsizlik va illat, huquqiy jihatdan jinoyat hisoblanadi. “Korrupsiya” atamasi lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “pora evaziga og‘dirish” degan lug‘aviy ma’noni anglatadi.
Yuridik ensiklopediyada qayd etilishicha, “Korrupsiya – mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir”.
“Yuridik atamalar qomusiy lug‘ati”da esa mazkur tushunchaga “davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega bo‘lgan (yoki ularga tenglashtirilgan) shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda o‘z maqomi va u bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik va imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishi”, deya ta’rif berilgan.
Korrupsiya – siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyat bo‘lib, mansabdor shaxslar o‘zlariga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boyish maqsadida foydalanishidan iborat, degan tavsif ham ayrim huquqiy adabiyotlarda keltirilgan.
Demak, korrupsiya, umumiy qilib aytganda, mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat sanaladi. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda davlat amaldorlari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, boylik orttirish maqsadida fuqarolardan pora olish, qonunga xilof pul daromadlarini qo‘lga kiritish tushuniladi.
Ammo bu yuzaki tasavvur. Chunki korrupsiyaviy munosabatlar ishtirokchisi istalgan mavqedagi shaxs bo‘lishi, qolaversa, pora pul bilan emas, boshqa shaklda ham berilishi mumkin.
Hokimiyat (ijroiya, vakillik va sud) organlaridagi korrupsiya – hozirda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud bo‘lgan dolzarb muammodir. Bu turdagi korrupsiya jinoyatlarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularni qonun ustuvorligini ta’minlashi lozim bo‘lgan kishilar sodir etadi.
Oqibatda aholining hokimiyatga bo‘lgan ishonchi pasayadi, jamiyatda adolatsizlik kuchayadi, qonunlar ijrosi ta’minlanmaydi. Bu esa xalq farovonligi va davlat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Insoniyat o‘z tarixi davomida korrupsiyaga qarshi turli usullar hamda vositalar orqali muttasil kurashib kelgan. Hatto eramizdan avvalgi davrlarda mavjud bo‘lgan Shumer podsholigiga oid manbalarda ham korrupsiyaning zarari va oqibatlari bayon etilgan.
Korrupsiya jinoyatlari tarixda qo‘llangan jismoniy, moddiy yoki ma’naviy jazolar orqali barham topmadi. Shuning uchun bugungi kunda ushbu illatga qarshi xalqaro va milliy qonunchilik, sog‘lom ma’naviy muhit, ta’lim va tarbiya, shuningdek, jamoatchilik nazorati orqali kurashishga katta ahamiyat berilmoqda.
Hozirgi globallashuv davrida korrupsiyaga qarshi nafaqat bir davlat doirasida, balki xalqaro darajada ham kurashish zarurati yanada oshdi. Binobarin, korrupsiya hech bir davlatga foyda keltirmaydi, aksincha, mamlakatdagi demokratik islohotlarga, mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu turdagi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada zaruriy chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Albatta, korrupsiya illati qisqa fursatda barham beriladigan muammo emas. Unga qarshi aholida sog‘lom fikr shakllanib, davlat va jamiyat hamkorlikda kurashsagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
Shunday ekan, har birimiz, avvalo, o‘z mehnat faoliyatimizda halol bo‘laylik va har qanday korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatimizni bildiraylik. Unutmaylikki, korrupsiya – taraqqiyot dushmani. Unga qarshi kurashish har birimizning burchimizdir.
Jinoyat ishlari bo’yicha
Forish tuman sudi raisi S.Sodiqov