Nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy ravishda o‘zgalar parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab- quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevral kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-74-sonFarmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonning 4-bandiga muvofiq 2022 yil oktabr oyidan boshlab 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan hech qanday murojaat talab etilmasdan “proaktiv” shaklda tayinlash tizimi joriy etilmoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, fuqaroning murojaatisiz davlat xizmatlarini "proaktiv" shaklda ko‘rsatish amaliyoti Respublikamizda ilk marotaba Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan joriy etiladi.
Ya’ni, fuqaro nafaqa tayinlash uchun birorta davlat organiga murojaat qilmaydi. Bunda, nafaqa tayinlash uchun barcha ma’lumotlar Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda olinadi.
Ma’lumot uchun: ushbu tartib joriy qilinishi bilan bir yilda o‘rtacha 70 mingdan ziyod fuqarolarning nafaqa tayinlash uchun murojaat qilish amaliyoti bekor qilinadi va ushbu ijtimoiy to‘lovlar axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida avtomat ravishda tayinlanishiga erishiladi.
Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi Zafarobod tuman bo'limi.