Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov Zafarobod tumani “Tinchlik” MFYda “Obod xonadon, obod koʻcha va obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishini koʻzdan kechirdi. Xususan, hududdagi bir necha yillardan buyon qarovsiz holda turgan binoda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasasi hamda ayollar markazi va kutubxona tashkil qilish ishlari bilan tanishdi.
Qayd etish joiz hozirda binonining tom qismini yangilash, devorlarni taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, 15- sonli oʻrta umumtaʼlim maktabining qoʻshimcha binosi va sport zalini taʼmirlash ishlariga ham eʼtibor qaratildi. Mutasaddilar bilan birga koʻchalarni shagʻallashtirish va asfalt yotqizishga tayyorlash, mahalla hududida toʻplanib qoladigan suvlar chiqib ketishi uchun beton ariqlar yotqizish, piyodalar yoʻlaklari qurish masalalari muhokama qilinib, obodlik ishlarini yanada jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.