Qishloq xo‘jaligida dolzarb tadbirlardan biri bo‘lgan g‘alla o‘rimi mavsumi ham yaqinlashmoqda. Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida, Zafarobod tumani Don qabul qilish shaxobchasida, 2024-yil g‘alla hosili o‘rim-yig‘imida qatnashadigan mavjud don o‘rish kombaynlarni o‘rim oldi sinov yurishini o‘tkazish maqsadida seminar o‘tkazildi. Seminarda “O‘zagroinspeksiya” Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Akmal Abdullayev, tuman IIB boshlig‘i Bahrom Musurmonov hamda sohaga daxldor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarda avvalo tumanda bu yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, g‘allani nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish borasida masalalar kelishib olindi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «O‘zagroinspeksiya»ning Jizzax viloyati Zafarobod tuman bo‘limi tomonidan kombaynlarning ta’mirlanishi, kerakli ehtiyot qismlar uchun talab etiladigan mablag‘larning o‘zlashtirilishi va mexanizatorlarga zarur shart-sharoitlarning yaratilishi yuzasidan kunlik monitoring o‘tkazilishi natijasida qisqa fursatlarda 36 ta don o‘rish kombayni texnik ta’mirlandi.
Ushbu kombaynlar bilan tumandagi 276 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 9000 gektar maydonda kuzgi boshoqli don yetishtirilayotganligi hamda 52000 tonna g‘alla o‘rib-yig‘ib olinib, shundan 26100 tonna davlatga sotish rejasi qayd etildi. Jumladan, “O‘zagroinspeksiya” Zafarobod tuman bo‘limi, tuman hokimligi, servis xizmat markazlari, don qabul qilish maskanlari va g‘alla o‘rish kombaynlari mavjud fermer xo‘jaliklar ishtirokida kombaynlarning o‘rim oldi ta’mirlanganligi ko‘zdan kechirildi.
Zafarobod tuman hokimligi Axborot xizmati.