O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 08 iyun kungi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi”gi PF-6243-sonli Farmoni bilan yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibda joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish va yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlashning yangi huquqiy asosi yaratildi.
Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi belgilandi, shuningdek, 2021 yil 1 avgustdan boshlab mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjatlar qabul qilish huquqi bekor qilindi.
Ushbu Farmon bilan O‘zbekiston Respblikasi Yer kodeksinnig 23-moddasi yangi tahrirda qabul qilinib, ushbu moddaning ikkinchi qismi 1-bandida yer uchastkalarini berish ya’ni, mulk qilib berish (realizatsiya qilish) - qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, shu jumladan yakka tartibda uy-joy qurish hamda uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion vositasida amalga oshirilishi belgilandi.
Shuningdek, Yer kodeksining 27-moddasi ham yangi tahrirda qabul qilinib, unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun 0,04 gektargacha yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali mulk huquqi asosida realizatsiya qilinadi.
2021 yil 15 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi tomonidan — yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun o‘ziga berilgan va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish yoki ijara huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan xususiylashtirishga doir ariza beriladi. Yer uchastkasiga bo‘lgan doimiy foydalanish (egalik qilish), meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara huquqi tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslariga o‘tganda ularga mazkur yer uchastkasini xususiylashtirishga bo‘lgan huquq ham o‘tadi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi huquqni belgilovchi hujjat bo‘lib, u xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatini to‘lash to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilganidan keyin bir ish kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.
Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan xususiy mulk huquqi unga bo‘lgan huquq Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga tegishli ma’lumotlarni elektron tarzda kiritish orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuzaga keladi.
Jizzax tumanlararo
ma’muriy sudi sudyasi M.Yuldashev