Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
jinsiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish orqali jinsiy daxlsizlikka va jinsiy erkinlikka tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli, shuningdek zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan tahdid qilish yoxud ayol jinsidagi voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan axloqsiz harakatlar sodir etish orqali uchinchi shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga majburlash;
jismoniy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazishning o‘zga choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shakli;
zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik);
iqtisodiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zo‘ravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanishga bo‘lgan huquqini, mulk huquqini, ta’lim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik);
ish joyi — o‘zi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mehnat majburiyatlarini amalga oshirish yoki xizmat vazifalarini bajarish uchun bo‘lishi yoki borishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan joy;
ruhiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’nini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligi uchun xavotir uyg‘otgan, o‘zini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik);
tazyiq — sodir etilganligi uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik, ta’qib etish;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi — o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs;
tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish — xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i uchun paydo bo‘lgan xavfni bartaraf etish, tezkor chora-tadbirlarni talab qiladigan hayotiy vaziyatlar yuz berganda xotin-qizlarning xavfsizligini ta’minlash, shuningdek jabrlanuvchiga nisbatan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning takroran g‘ayriqonuniy xatti-harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadidagi iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tashkiliy, psixologik va boshqa tusdagi kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar tizimi;
tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish — xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, jamiyatda xotin-qizlarning zo‘ravonlikdan xoli bo‘lish huquqlaridan xabardorligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimi;
ta’qib etish — jabrlanuvchining xohish-irodasiga qarshi, uning ikki yoki undan ortiq marta qarshilik ko‘rsatganligiga yoxud ogohlantirganligiga qaramay sodir etiladigan, jabrlanuvchini qidirishda, u bilan og‘zaki, telekommunikatsiya tarmoqlari vositasida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali yoki boshqa usullarni qo‘llash yo‘li bilan muloqotga kirishishda, uning ish, o‘qish va (yoki) yashash joyiga borishda ifodalangan hamda jabrlanuvchida o‘z xavfsizligi uchun xavotirlik qo‘zg‘atadigan harakatlar;
himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish;
maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Zafarobod tuman sudi raisi J.Baxronov