Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 21 oktyabrda 654–sonli qarori qabul qilindi.
Shunga muvofiq kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilaga bolalar nafaqasi yoxud moddiy yordam yashash joyi bo‘yicha oilaning muomalaga layoqatli a’zosining yozma arizasiga asosan tayinlanadi. Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi va ro‘yxatga olinadi. Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish daftarida qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili ko‘rsatiladi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi (keyingi o‘rinlarda — Pensiya jamg‘armasi bo‘limi) boshlig‘ining nomiga ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ariza beruvchi va oila a’zolarining O‘zbekiston Respublikasi pasporti yoki ID-kartalari (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomalari yoki ID-kartalari hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida qayd varag‘i (bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan ushbu hujjatlarning nusxasi olinib, asli arizachiga qaytariladi);
bolalari vasiylik ostida bo‘lgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organi qarorining nusxasi ilova qilinadi;
oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari to‘g‘risida shakl bo‘yicha ma’lumot;
ariza beruvchi va uning oila a’zolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablag‘ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga o‘tkazilgan pul o‘tkazmalari yuzasidan ma’lumotlarni Markaziy bank tomonidan “Yagona reyestr” ATga taqdim etish to‘g‘risida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila a’zolari imzolari bilan tasdiqlangan shakl bo‘yicha ariza. Bunda birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila a’zolari imzolarining haqiqiyligi uchun ariza beruvchi javobgar bo‘ladi. Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlarning to‘liq taqdim etilganligi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tekshiriladi.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash uchun arizalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istayotgan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etiladi. Bunda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muddatdan keyin berilgan arizalar belgilangan tartibda keyingi oyda ko‘rib chiqiladi. Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan hollarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ariza beruvchiga qo‘shimcha ravishda qaysi hujjatlar taqdim etilishi kerakligi haqida xabar qiladi. Ushbu holatlarda ariza beruvchi tomonidan taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar qo‘shimcha besh kun ichida, biroq ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istayotgan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etilishi shart.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi arizada ko‘rsatilgan ariza beruvchi va uning oila a’zolari tarkibini hamda ular arizada ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yashayotganligini ariza berilgan sanadan boshlab ikki ish kuni mobaynida, biroq bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olishni istayotgan oydan oldingi oyning 18-sanasiga qadar o‘rganib chiqadi. Ariza beruvchining oila tarkibi to‘g‘risidagi shakl bo‘yicha ma’lumot fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tasdiqlanadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi har besh kunda kamida bir marotaba, biroq ariza berilgan oyning 19-sanasiga qadar ariza va taqdim etilgan zarur hujjatlarni hamda oilaning tarkibi to‘g‘risidagi shakl bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan ma’lumotlarni Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim etadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga arizalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni so‘rab murojaat etilgan arizalar ro‘yxatiga asosan shakl bo‘yicha taqdim etiladi.
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash to‘g‘risida qabul qilingan arizalar Pensiya jamg‘armasi bo‘limining mas’ul xodimlari tomonidan har kuni, biroq ariza berilgan oyning 26-sanasiga qadar “Yagona reyestr” ATga kiritiladi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash to‘g‘risida qabul qilingan arizalar va unga ilova qilingan hujjatlar 3 yil davomida Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limlarida saqlanadi.
Бюджетдан ташқари пенсия жамғармаси Зафаробод туман бўлими.