KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH
O‘z mansab yoki xizmat mavqeini suiste’mol qilish, undan shaxsiy yoki o‘zgalar manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoxud nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Anglaganingizdek, gap korrupsiya haqida ketmoqda. Bugun jamiyatimizda ushbu illatga qarshi jiddiy kurashilyapti, uning oqibatlari ommaviy axborot vositalari orqali, turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, tadbirlarda aholiga tushuntirilishiga qaramay, afsuski korrupsiyaning keskin kamayishiga erishganimiz yo‘q.
Nega korrupsiya degan balodan qutulolmaymiz? Bunga nima to‘sqinlik qilmoqda.
Bilamizki, korrupsiya har doim kamida ikki tomon ishtirok etadi, bunda bir tomondan noqonuniy yo‘l bilan o‘zi yoki uchinchi shaxs uchun boylik orttirayotgan mansabdor shaxs hamda boshqa tomondan mansabdor shaxsdan aktiv yoxud passiv usulda uning manfaatini ko‘zlovchi qarorning qabul qilinishini kutayotgan shaxs. Korrupsiyani, soddaroq qilib, o‘z nafsi, manfaati yo‘lida qonunni ham chetlab o‘tish orqali g‘arazli maqsadi hamda biror narsaga erishish deyish mumkin.
Bugungi kunda yurtimizda ushbu illatga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi ham aniq. Bu borada O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilishi islohatlarning dastlabki muhim qadami bo‘ldi.
Uni amalga oshirishning milliy mexanizmi sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5177-sonli va “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-81-son Qarorlari qabul qilindi.
Bularning samarali ijrosi natijasida ko‘plab jinoyatlar fosh etilmoqda, sodir qilinishi xavfi bo‘lganlarining oldi olinmoqda. Buni har kuni ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib boryapmiz. Bu yaxshi albatta. Lekin shularning o‘zigina yetarli emas. Korrupsiyaga qarshi yanada faol kurashishimiz kerak. Mana shu bizning, barchamizning diqqat e’tiborimizda bo‘lishi lozim.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Zafarobod tuman sudi raisi J.Baxronov