Ta’lim tizimini rivojlantirish – barqaror kelajagimiz garovidir
Ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar ta’lim-tarbiya darajasini rivojlantirish bilan birga, farzandlarimizning sifatli va mazmunli bilim olishlariga sharoit yaratmoqda. Keyingi davrda qabul qilingan qator hujjatlarning ijrosi bois ta’lim sifati va samaradorligiga erishish borasida ijobiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Buni nafaqat ta’lim sohasi vakillari, balki boshqa soha vakillari ham his etib turibdi. Shu bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan, zudlik bilan bartaraf etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham topiladi. Binobarin, juda katta mablag‘ talab etilsa-da rivojlangan mamlakatlarning zamonaviy innovatsion texnologiyalarini yurtimiz amaliyotiga joriy etishdek muhim vazifalarni hal etish darkor.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.
Prezidentimiz yig‘ilishda ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, barcha maktabgacha ta’lim muassasalarini milliy qadriyatlarimizga mos o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash, oziq-ovqat ta’minoti, davomat, badal puli kabi jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, loyiha ofisi Ta’limni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi bilan birgalikda maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilanishi, o‘quvchi va o‘qituvchilar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezident maktablari ta’lim dasturi yana mingta maktabda qo‘llanilishi, 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, ular bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqilishi, maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga berilishi, maktablardagi 2 mingta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi, “Maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasi ishga tushirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, talab yuqori bo‘lgan 100 ta kasb standartlari Germaniya, Shvetsariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida yangilanishi, texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim bo‘lishi e’tirof etildi.
Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida oliygoh, texnikum va kollejni bir-biriga bog‘lash shartlari va tartibini ishlab chiqish, oliy ta’lim muassasalariga maqom berishning aniq mezonlarini belgilash, bakalavr yo‘nalishlarini maqbullashtirish, ta’lim dasturlarini dunyodagi 300 ta eng yaxshi oliygoh dasturi asosida yangilash vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishda belgilab bergan vazifalarining hayotga izchil tatbiq etilishi farzandlarimizning sifatli va mazmunli bilim olishida keskin burilish yasalishi shubhasiz.
Shu o‘rinda aytishimiz mumkinki, ilm – insonning yagona najot yo‘li. Albatta bir qarashda bu balandparvoz gapga o‘xshaydi. Lekin, haqiqatdan ham e’tibor bilan qaraydigan bo‘lsak barcha muammolarning yechimi albatta ilm sohiblariga bog‘liq. Eng oddiy jabhalardan tortib olamshumul ishlarning ortida ham olim va ilm ahlining buyuk hizmatlari yotadi.
Jasurbek QARSHIYEV,
“Yuksalish harakati Jizzax viloyati
hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi