O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionyerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Pensionyerlarni ijtimoiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ularning salohiyati, tajribasi va bilimini to‘laqonli jalb qilish, pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda xalqaro tamoyil va standartlarni joriy etish maqsadida:
- Belgilab qo‘yilsinki, 2019-yil 1-yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionyerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil 1-yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining sakkiz barobaridan o‘n barobarigacha oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6094-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 06/20/6094/1413-son)
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi 2019-yil 1-yanvardan pensiyani hisoblashda qabul qilinadigan ish haqining maksimal miqdori oshirilishini hisobga olgan holda pensiyalar miqdori qaytadan hisoblab chiqilishini ta’minlasin.
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorovga pensiyalar barcha ishlovchi pensionyerlarga o‘z vaqtida to‘liq miqdorda to‘lanishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
- Mazkur Farmonni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki oy muddatda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosarlari B.M. Mavlonov, G.K. Saidovalarga yuklansin
Бюджетдан ташқари пенсия жамғармаси Зафаробод туман бўлими.