ZAFAROBOD TUMANIDA PAXTA YIGʻIM-TERIM MAVSUMI YUQORI SUR’ATLARDA.
Jizzax viloyati O‘zbekiston Respublikasining paxta yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik ma’muriy hududlaridan biri hisoblanadi. 2024-yilda 81 ming gektar paxta maydonda 298 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Shu jumladan, Zafarobod tumanida 261 ta fermer xo‘jaligi kesimida salkam 10 ming gektar maydonga chigit qadalgan. Dala mirishkorlari uchun S.Sindorov nomli fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi “Husayn Sherxon” fermer xo‘jaligi dalasida mavsum oldidan seminar tashkil etildi. Joriy yilda dehqon mehnatini yuzaga chiqarishga qodir bo‘lgan qaror chiqdi. Unga ko‘ra chanoqdan olingan har qatra paxtaning bahosi bo‘ladi. Aniqrog‘i, topshirilgan 1 tonna paxta uchun 1 million so‘m subsidiya beriladi. Dehqon mehnatiga ko‘makdosh mashina terimi uchun alohida imtiyoz, ya’ni, to‘lanadigan haqning 20% jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bundan tashqari Zafarobod tumanida 40 ta paxta terish mashinasi hamda 4000 nafar terimchi mavsumda ishtirok etadi. Bundan tashqari Qozog‘iston Respublikasidan 15 ta yuqori unumli “JOHN DEERE” rusumli paxta terish mashinalari ham ko‘makka keladi. Hozirda asosiy maydonlar o‘z vaqtida defoliatsiyadan chiqarilgan bo‘lib, terim yuqori sur’atda davom etyapti.